2022-yil 16-iyun kuni Jalolobod viloyatidagi sobiq uran qazib oluvchi Mayluu-Suu shahrida “Mayluu-Suu tarixi va Qirg‘izistonning uran merosi muzeyi”ning ochilishi nishonlandi.
Muzey tashrif buyuruvchilar tarixiy materiallar, hikoyalar va xotiralarini yozib qoldirishi mumkin bo‘lgan umumiy va interaktiv makon yaratadi. Buning uchun ovoz yozish kabinasi mavjud. Radiatsiya xavfsizligi va uran qoldiqlarini rekultivatsiya qilish kabi mavzulardagi ochiq muhokamalar ham tashrif buyuruvchilarni suhbatga chorlaydi. Madaniy turizmni rivojlantirishni ko‘zlagan muzey shahar madaniy hayotining muhim qismiga aylanishi kutilmoqda.
Mayluu-Suu taraqqiyot forumi sa’y-harakatlari bilan bunyod etilgan ushbu maskan shahardagi sarmoyaviy imkoniyatlarni ishga solish hamda ijtimoiy-iqtisodiy va ekologik taraqqiyotni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan tashabbuslarning natijasidir.
Muzey Mayluu-Suu markazidagi “Madaniyat uyi”da joylashgan.







